2022 yil 11 may kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasi tomonidan Bank mijozlari, Birja savdolarida ishtirok etuvchi korxona, tashkilot va brokerlar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki hamda O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasining Boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari, hududiy filiallari masʼul rahbarlari, birja savdosi ishtirokchilari bo‘lgan korxona va tashkilotlar mutasaddilari hamda brokerlar ishtirok etdi.
Amaliy seminarda Bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasi Aksionerlik Jamiyati savdolari ishtirokchilari bo‘lgan korxona, tashkilot va brokerlar uchun foydali hamda qulay shartlarda ishlab chiqilgan milliy va xorijiy valyutadagi “UzEx” tarif rejalari, tadbirkorlar va brokerlarga mo‘ljallangan biznes va avtokredit mahsulotlari hamda chakana kredit mahsulotlari bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi.
Qolaversa, korxona va tashkilotlarning Birja savdolari bo‘yicha amalga oshiriladigan hisob-kitob operatsiyalari operativligi va qulayligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi xizmatlardan foydalanish qoidalari tushuntirildi.
Bundan tashqari, amaliy seminar ishtirokchilarining Bank faoliyati bilan bog‘liq savollariga “Trastbank” masʼullari tomonidan atroflicha javob berildi.
Shuningdek, Birja savdolari ishtirokchilari uchun yana-da qulay bank mahsulotlari va xizmatlarini joriy etish bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi.